O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida iqtisodiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi
2022-yil 14-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi va Serbiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida videokonferensiya shaklida iqtisodiy maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston tomonidan tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidikov ishtirok etdi. Serbiya tomoniga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yagoda Lazarevich boshchilik qildi.
Maslahatlashuvlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, shuningdek, innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va kengaytirish, uning barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Maslahatlashuvlar chog‘ida O‘zbekiston-Serbiya hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasini, jumladan, savdo-iqtisodiy sohada tegishli va amaliy ahamiyatga ega hujjatlar orqali kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish maqsadida tomonlar 2023-yilda Belgradda “Made inUzbekistan” nomiostida O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazish, Serbiya savdo missiyasining yirik to‘qimachilik va oziq-ovqat ko‘rgazmalarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, O‘zbekiston-Serbiya savdo uyini ta’sisetish masalalarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.