O'zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari o‘zaro tabrik almashdilar
2022-yil 20-mart kuni O'zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganiga 30-yil to‘ladi. Mazkur voqea munosabati bilan ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Kamilov va Sergey Lavrov o‘zaro tabrik almashdilar.
Abdulaziz Kamilov o’z maktubida Rossiya O'zbekistonning muhim strategik hamkori va ittifoqchisi ekanini qayd etadi. Mamlakatlarimiz o'rtasida ikki va ko'p tomonlama asosda konstruktiv samarali muloqot o‘rnatildi. O'zaro ishonch va hurmat muhiti shakllandi.
"Keyingi yillarda parlament, savdo-iqtisodiy, transport, agrosanoat va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ko'lami salmoqli darajada kengaydi. Ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha yirik qo'shma loyihalar va dasturlar muvaffaqiyatli tarzda hayotga tatbiq etilmoqda", deydi O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
O’zbekiston va Rossiya strategik sheriklik salohiyatini samarali amalga oshirish bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar bundan keyin ham davom ettirilib, bu ikki mamlakat farovonligi va Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlariga xizmat qilishi ta’kidlanadi.
O'z navbatida, Sergey Lavrov o'tgan yillar davomida O'zbekiston-Rossiya munosabatlari siyosiy aloqalar jadalligi, parlamentlararo va idoralararo hamkorlikning sur`atlari, xalqaro maydondagi muloqot, hududlararo munosabatlarni rivojlantirish bo'yicha sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini e’tirof etadi.
Rossiya tomonining ittifoqchilik tamoyillari asosida bir-birining manfaatlarini o'zaro hurmat qilish va hisobga olish ruhida, ikki mamlakat xalqlari farovonligi, Markaziy Osiyo va butun Yevroosiyo makonida barqarorlik va izchil taraqqiyot yo'lida O’zbekiston bilan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni davom ettirishga tayyor ekanligi qayd etiladi.