O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi

2022-yil 26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi va Finlyandiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Mazkur voqea munosabati bilan ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari Abdulaziz Kamilov va Pekka Xaavisto o‘zaro tabrik maktubi almashdilar.

Abdulaziz Kamilovning maktubida O‘zbekiston Finlyandiyani Yevropadagi ishonchli hamkor deb bilishi hamda uzoq muddatli va ko‘p qirrali ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratishi qayd etilgan.

“Biz Finlyandiyaning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, Xelsinkining Orol dengizi mintaqasidagi ekologik muammolarni hal etishga qo‘shgan hissasini yuksak qadrlaymiz”, — deb yozadi O‘zbekiston TIV rahbari.

O‘z navbatida, Pekka Xaavisto o‘tgan yillar davomida mamlakatlar do‘stona hamkorlikni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganini taʼkidladi. Finlyandiya tomoni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyorligi maʼlum qilindi.

“Kelgusida mamlakatlarimiz o‘rtasida, jumladan, savdo, investitsiya, taʼlim sohalarida yana-da yaqin hamkorlikning guvohi bo‘lamiz”, – taʼkidladi Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri.