Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining ikkinchi Antaliya diplomatik forumdagi ishtiroki toʻgʻrisida
Turkiya hukumatining taklifiga binoan 2022-yil 10-13-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan II Diplomatik forum ishida ishtirok etmoqda.
“Afg‘oniston: yangi voqeliklarga qanday munosabatda bo‘lish kerak?” panel sessiyasida so‘zga chiqqan Vazir qo‘shni Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatish, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘’rsatish, gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida Afg‘onistonda yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirish borasidagi mamlakatimiz sa’y-harakatlari haqida forum ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
Xalqaro hamjamiyatning Afgʻonistonni iqtisodiy tiklash, mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish boʻyicha faol choralar koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.
***
Forum doirasida “Yangi Osiyo: barqaror mintaqaviy oʻsish uchun” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Abdulaziz Kamilov asosiy ustuvor yoʻnalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Vazir xalqaro va mintaqaviy miqyosda kuzatilayotgan siyosiy-diplomatik tendensiyalar haqida gapirar ekan, faqat oqilona murosaga asoslangan diplomatiya barcha tomonlar manfaatlarini birdek qanoatlantirishi mumkinligini ta'kidladi.
Oʻzbekiston ham Markaziy Osiyo davlatlari, ham Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻzaro aloqalarni oʻrnatishdan manfaatdor ekani haqida maʼlum qilindi.