O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Afg'onistonning yakkalanib qolishiga yo’l qo’ymaslikka chorladi

Samarqand shahrida bo'lib o'tgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar yig'ilishida so'zga chiqqan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afg'oniston masalasiga alohida to'xtalib o'tdi.

O'zbekiston tashqi siyosat idorasi zamonaviy Afg'oniston nafaqat tahdid va tahdidlar, balki yangi imkoniyatlar manbai ham ekanini ta'kidladi.  

Afg'onistonning yakkalanib qolishi va uning e’tibordan chetdan qolishiga yo'l qo'ymaslik, shuningdek, mavjud og'ir gumanitar vaziyatni hal qilish bo’yicha choralarni ko'rish muhimligi ta'kidlandi. V.Norov xalqaro hamjamiyatni o’zaro muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlarni amalga oshirish va afg'on xalqiga amaliy yordam ko'rsatishga chorladi.

O'zbekiston qo'shni davlatga tizimli yordam berib kelmoqda. Mamlakatimiz Afg'onistonga bir necha bor gumanitar yordam yubordi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida Afg'onistonni gumanitar qo'llab-quvvatlash jamg'armasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Shu o’rinda eslatib o’tish joizki, Termiz shahrida zamonaviy infratuzilmaga ega xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilgan.

V.Norov ta'kidlaganidek, O'zbekiston Tolibon tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablarinini bajarishi tarafdori bo'lib qolmoqda. Bu talablar keng vakillik asosida hukumat tuzish, xotin-qizlar va milliy ozchiliklar huquqlariga rioya qilish, terrorchilik guruhlari bilan aloqalarni uzishni qamrab olgan. Tadbir ishtirokchilarining e'tibori O'zbekiston Prezidentining Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algorimini tayyorlash va kelishish uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara guruhini shakllantirish haqidagi tashabbusiga tashabbusiga qaratildi. 

Afg'onistonda infratuzilma, shu jumladan transport sohasida loyihalarni amalga oshirish ushbu mamlakat bilan hamkorlikning ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lishi kerakligi ta'kidlandi. "Termiz - Mozori-Sharif - Kobul - Peshovar" temir yo'lini qurish kabi yirik loyihalar orqali Afg'oniston Markaziy va janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqaga aylanishi mumkin.