O‘zbekiston Respublikasi va Portugaliya Respublikasi tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma deklaratsiyasi
Bugun, 2022-yil 12-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi va Portugaliya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. O‘tgan uchta o‘n yillikdan iborat vaqt davomida mamlakatlarimiz jamiyatlarimizni birlashtirgan do‘stlikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirdi va chuqurlashtirdi. Biz 1000 dan ortiq o‘zbeklarning Portugaliyada muvaffaqiyatli integratsiyalashganidan g‘ururlanamiz – ular Markaziy Osiyo davlatlaridan eng yirik hamjamiyat hisoblanib, mintaqaviy va ikki tomonlama darajadagi hissasi eng yuqori ahamiyatga ega.
Portugaliya va O‘zbekiston 2022-yilni COVID-19 pandemiyasidan so‘ng tiklanish yili, ya’ni siyosiy, diplomatik va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash sifatida ko‘rmoqda. Ushbu cheklovlarga qaramay 12 yillik tanaffusdan so‘ng 2021-yil aprel oyida (videokonferensaloqa orqali) siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. Har ikki tomon ham yaqin orada bo‘lib o‘tadigan siyosiy maslahatlashuvlarning uchinchi davrasini tashkil etishga xayrixoh bo‘lib turibdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar pandemiya davrida ham davom etdi va 2021-yil may oyida Portugaliya Savdo va investitsiya agentligi AICEP prezidentining Toshkentga tashrifi mamlakatlarimizning iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini namoyon etdi. 2021-yilda savdo hajmimiz pandemiyagacha bo‘lgan darajadan oshdi va bu bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimizdan dalolatdir.
Portugaliya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik va do‘stlik faqatgina ikki tomonlama hamkorlik bilan cheklanib qolmaydi. Mamlakatlarimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asoslangan xalqaro tashkilotlarda, jumladan Portugaliyaning BMT Xavfsizlik Kengashiga nomzodligi (2027-2028-yillar) va O‘zbekistonning Inson huquqlari kengashining (2021-2023-yillar) amaldagi mandati o‘rtasida o‘zaro yordam almashishga asoslangan keng qamrovli tarixga ega. Biz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sifatida inklyuzivlik va konsensus tamoyillariga asoslanib, barqarorlik, tinchlik va demokratiyaga intilib, muhim ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Ikkala davlat ham ana shu qadriyatlarga asoslangan global kun tartibini ishlab chiqishga chorlamoqda va hozirgi Yevroosiyo manfaatlarini hisobga olgan holda bu pozitsiya davom ettiriladi.
Bugun biz nishonlayotgan alohida voqea nafaqat bayram, balki mamlakatlarimiz xalqlari tinchligi va farovonligi yo‘lida ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy kun tartibini kengaytirish hamda chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqligimizni namoyish etishning qimmatli lahzasidir.