O‘zbekiston Respublikasi TIV rasmiy vakili axboroti
Shu kunlarda qator ommaviy axborot vositalarida Gomes-Palasio shahrida (Meksika) yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingani to‘g‘risida ma’lumot tarqaldi.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Vashingtondagi Elchixonasi zudlik bilan Meksikaning AQShdagi Elchixonasi, Migratsiya milliy instituti va ushbu mamlakatning boshqa muassasalari bilan muzokaralar olib bordi.
Natijada diplomatik missiya maʼlumotlariga koʻra, hozirga qadar barcha yurtdoshlarimiz qoʻyib yuborilgan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Ularning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Barcha fuqarolarimizning shaxsi aniqlangan.
Meksikalik hamkorlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.