O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan axboroti
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.
O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.
Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta'minlandi.
Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.
Olma-otadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular “Uzbekistan airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.
O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.
Vazirlik eslatib o‘tadiki, mamlakatimiz fuqarolari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.