O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.I.Norovning Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishidagi nutqi

(2022-yil 10-noyabr, Samarqand shahri)


Hurmatli hamkasblar,
Samarqand sammiti geosiyosiy keskinlik tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.
Yangi dunyo tartibi uchun kurashishning yanada ortayotgani mamlakatlarimiz va mintaqamiz barqarorligi, xavfsizligi va uzluksiz taraqqiyoti uchun ko‘plab tahdidlarni paydo qilib, global miqyosda chuqur tafovutlarni keltirib chiqarmoqda.
Bunday murakkab xalqaro sharoitda Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z taraqqiyotida yangi va yanada mas’uliyatli bosqichga qadam qo‘ymoqda.

Shu bois biz uchun o‘zaro hamkorligimiz doirasida oldimizga qo‘yilgan strategik maqsad va vazifalarga erishish yo‘lida birlik, hamjihatlik va umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirishimizni namoyon etishimiz juda muhimdir.
Avvalambor, ochiqlik, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat’iy sodiqlik asosida suverenitet, hududiy yaxlitlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishga bo‘lgan tahdidlarni yengish uchun ko‘p qirrali munosabatlarimizni mustahkamlash va kengaytirish hamda umumiy imkoniyatlarimizni oshirishimiz zarur.
Tashkilot davlatlarining ushbu va boshqa asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma yondashuvlari Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasida o‘z aksini topgan va biz bugun ushbu hujjatni tasdiqlaymiz. 
Ikkinchidan, turkiy dunyoning iqtisodiy mezoni hamkorlikning lokomotivi va xalqlarimiz farovonligining asosi bo‘lishi lozim. Mamlakatlarimizning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank va moliya institutlari hamda tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, samarali mintaqaviy hamkorlikni qurish zarur.
Oldimizda mintaqalararo savdo sohasida jiddiy ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi Tashkilotga a’zo davlatlarning 970 milliard AQSh dollaridan ortiq umumiy tovar aylanmasi hajmining 3 foizidan kamrog‘ini (21 milliard doll.) tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkichni bir necha barobar oshirishni hammamiz xohlaymiz. Ishonchim komilki, biz birgalikda bu maqsadga erishamiz.
Buning uchun:
- savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi tarif va notarif cheklovlarni hamda boshqa to‘siqlarni izchil qisqartirish, savdoga innovatsiyalar va raqamli yechimlarni faol joriy etish;
- investitsiyaviy, moliyaviy va infratuzilmaviy hamkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash va ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni rag‘batlantirish lozim.
Kecha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik vazirlarining bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari yana bir karra bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizning tasdig‘i bo‘ldi.
Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida savdoni osonlashtirish Strategiyasi tasdiqlandi.
Bu – Tashkilot doirasidagi munosabatlarimizning o‘ta muhim natijasi va real sektorlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha umumiy kuchli irodani namoyon qilish hisoblanadi.
Uchinchidan, ertaga bo‘lib o‘tadigan sammit doirasida transport hamkorligi sohasidagi juda muhim - hujjat transport sohasidagi bog‘liqlik Dasturi imzolanadi.
Yevroosiyoda shakllanayotgan yangi geoiqtisodiy holat biz uchun Yevroosiyoning strategik yo‘laklarini bog‘lovchi mintaqamizni jahon ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjiridagi qudratli transport-logistika bo‘g‘iniga aylantirish uchun juda qulay istiqbollarni ochmoqda.
Bu esa turkiy makonning aksariyat qismida transport izolyatsiyasini bartaraf etish bo‘yicha birgalikda ishlarni kuchaytirishni talab etadi.
Bosh maqsad – bizning quruqlik va dengiz portlarimizni jahon bozorlari bilan mustahkam bog‘laydigan yagona transport makonini shakllantirishdan iboratdir.
Birgalikda Transkaspiy “O‘rta yo‘lagi”ni kelajakda Tashkilot davlatlarining yagona transport tizimiga integratsiyalashuvi uchun platformaga aylantirishimiz mumkin.
Yuk tashish imkoniyatini oshirish, muddati va tannarxini kamaytirish, ushbu yo‘nalishning transport-logistika tizimini raqamlashtirish, shuningdek, bojxona va transport qonunchiligini uyg‘unlashtirish va sinxronlashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish mamlakatlarimizni ushbu strategik maqsadga yanada yaqinlashtiradi.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston, Termiz – Mozori-Sharif – Kobul –Peshovar yo‘nalishlari bo‘ylab temir yo‘llarning barpo etilishi va boshqa loyihalarning amalga oshirilishi umumiy turkiy transport makonining jozibadorligini kuchaytirishi shubhasizdir.
To‘rtinchidan, mamlakatlarimizning faol va iqtidorli yosh avlodini safarbar etish borasidagi faoliyatini mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman. O‘tgan yillar davomida ular turli platformalar orqali bir-birlari bilan yaqin muloqot qila boshladilar.
Jumladan, joriy yilning iyun oyida Buxoro shahrida Tashkilotga a’zo mamlakatlar Yosh yetakchilari forumi yakunlari va uning doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflar bu borada katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatdi.
Eng muhimi – yoshlarning salohiyatini yaratuvchanlikka yo‘naltirish hisoblanadi.
Biz yoshlarimizni xalqlarimiz qadriyatlarini asrab avaylash uchun ekstremistik va radikal g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi turli guruhlar ta’siriga tushib qolishidan asrashimiz kerak.
Shu nuqtayi nazardan, turli yoshdagi odamlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlarning dolzarb muammolari yechimini birgalikda izlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2023-yil aprel oyida Samarqand shahrida “Avlodlar muloqoti” formatida uchrashuv o‘tkazish tashabbusi ayni muddaodir.
Hamkorligimizning barcha tuzilmalarini, xususan, Tashkilotning Oqsoqollar kengashini yoshi ulug‘larni e’zozlash va yoshlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi xalqlarimizning ma’naviy qadriyatlariga tayanib, ushbu tashabbusni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga taklif qilamiz.
Beshinchidan, Tashkilotimiz oldida turgan yangi vazifalarni samarali amalga tatbiq etish uchun o‘z faoliyatini muntazam takomillashtirish va institutsional asoslarini mustahkamlash zarur.
Tashkilot Tartib-qoidalarining yangi tahrirda qabul qilinishi to‘g‘ri yo‘nalishdagi juda o‘z vaqtida qilingan qadamdir. Mazkur hujjat Kotibiyat ishini, uning ishtirokchi davlatlar, kuzatuvchilar hamda hamkorligimizning boshqa tuzilmalari bilan o‘zaro aloqalarni tizimlashtirish va tartibga solishga qaratilgan.
Shu bilan birga, kelajakda Tashkilot muvaffaqiyatining kaliti tenglik, o‘zaro hurmat va barcha qarorlarni konsensus asosida qabul qilish kabi hamkorligimizning asosiy qadriyatlariga o‘zgarmas sodiqlik bo‘lib qolishi kerak.
Ochiqlik va hamkorligimiz uchinchi tomonlar manfaatlariga zid bo‘lmasligi tamoyillarini izchil amalga oshirishni ta’minlash ham amalda muhim ahamiyatga ega.
Hurmatli hamkasblar,
Afg‘onistonda barqaror tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdek muhim masalani alohida aytib o‘tish zarur, deb o‘ylayman.
Biz turkiy xalqlarni bu yurt bilan mushtarak tarixiy, madaniy rishtalar, ma’naviy yaqinlik bog‘lab turadi.
O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga faol yordam ko‘rsatishi zarurligi borasida qat’iy va prinsipial pozitsiyaga sodiqdir.
Biz Afg‘oniston Muvaqqat hukumatiga nisbatan umumiy va yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim.
O‘zbekiston Prezidentining 13-oktabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida ma’lum qilgan Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusidan maqsad ham shundan iborat.
Qadrli do‘stlar,
Sammit yakunida muhtaram Bog‘dod Kultayevichning Bosh kotiblik vakolat muddati tugaydi. Faol va samarali mehnatingiz uchun tashakkur. Tashkilot doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissangizni yuqori baholaymiz.
Yangi tayinlangan Bosh kotib janob Omuraliyev Kubanichbek Qosimovichga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.
E’tiboringiz uchun tashakkur.