O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning ShHT Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha brifingdagi nutqi
2022-yil 16-may, Toshkent shahri
Assalomu alaykum, hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi janob Chjan Minning O‘zbekistonga tashrifiga hamda mamlakatimizning ShHTdagi raisligini keng yoritishga alohida e’tibor berayotganingiz uchun uchun barchangizga minnatdorlik izhor etaman.
Sizlarning faoliyatimizga oid reportajlaringiz va maqolalaringiz tufayli ShHTning ijobiy nufuzi mustahkamlanib, keng jamoatchilik orasida unga qiziqish yanada ortib bormoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotining faoliyatini, jumladan, O‘zbekistonning raisligi davridagi tadbirlarni yoritish bo‘yicha faol hamkorligimiz Tashkilot tamoyillari va qadriyatlarini yanada kengroq targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz.
Hurmatli do‘stlar!
ShHT Bosh kotibi sifatida ilk xorijiy tashrifini Tashkilotning amaldagi raisi O‘zbekistonga amalga oshirayotgan janob Chjan Minni Toshkentda kutib olishdan mamnunmiz.
Bugun O‘zbekiston va ShHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning keng ko‘lamli turli jihatlari yuzasidan samarali muzokaralar olib bordik.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz va ushbu tuzilma o‘rtasidagi aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilgani mamnuniyat ila e’tirof etdik.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, barqaror iqtisodiy rivojlanish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish sohalarida ShHT salohiyatini oshirish yuzasidan fikr almashdik.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Respublikamizning ShHTdagi raisligida Tashkilot faoliyatining deyarli barcha sohalarini qamrab olgan turli darajalarda 40 dan ortiq tadbir o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Bu yil Tashkilotimiz tarixida ilk marotaba axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kambag‘allikni kamaytirish masalalari bo‘yicha vazirliklararo uchrashuvlari o‘tkazildi.
Ertaga, 17-may kuni Toshkentda o‘simliklar karantini uchun mas’ul idoralar rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan ShHT doirasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari uning kun tartibini zamonaviy voqeliklarni hisobga olgan holda boyitishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari!
Janob Chjan Min bilan muzokaralar chog‘ida bo‘lajak muhim tadbirlarga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashdik.
Jumladan, shu yil bo‘lib o‘tadigan tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi, xavfsizlik kengashlari kotiblarining uchrashuvlari, ichki ishlar vazirlarining uchrashuvi, mudofaa vazirlarining uchrashuvi haqida so‘z yuritdik.
Mazkur uchrashuvlarda ShHT doirasidagi hamkorlikning turli jihatlari, xavfsizlikdan tortib, zamonaviy dunyodagi barqaror rivojlanish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Qayd etish joizki, o‘tkazilayotgan barcha tadbirlar ShHT makonidagi asosiy siyosiy tadbir – shu yil 15-16 - sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Tashkilotning Samarqand sammitiga poydevor yaratishga mo‘ljallangan.
Shu munosabat bilan bugun biz janob Bosh kotib bilan ShHT rahbarlari uchrashuvining tashkiliy masalalari hamda tadbir kun tartibiga kiritaladigan hujjatlarni sifatli tayyorlashga alohida e’tibor qaratdik.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mamlakatimizning ShHTga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan barcha ishlar Samarqand Sammitini yuqori tashkiliy va mazmuniy darajada o‘tkazilishini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, biz bugun o‘zaro ishonchli ruhda mintaqaviy va global kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdik.
Afg‘oniston masalasiga, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga yordam berish bo‘yicha ShHTning umumiy yondashuvlarini ishlab chiqishga alohida to‘xtaldik.
Bugun kuzatilayotgan geosiyosiy notinchliklar va tubdan o‘zgarib borayotgan xalqaro munosabatlar “shanxay ruhi” tamoyillariga amal qilgan holda ShHTga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish, yanada ko‘proq birdamlik ko‘rsatish, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni taqozo etishi haqida umumiy fikrga keldik.
E’tiboringiz uchun rahmat!