O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi yuzasidan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillaridan kelib tushgan savollarga javoblari
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi yuzasidan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillaridan kelib tushgan savollarga javoblarini e'lon qilmoqdamiz.
Savol: ShHTga raislik O'zbekiston diplomatiyasining amaldagi kun tartibidagi ustuvor yo'nalishlardan biridir. Mamlakatimiz raisligining Tashkilotdagi asosiy vazifalari, shuningdek, asosiy tadbir bo’lmish 15-16 sentabr kunlari Samarqanddagi ShHT sammitiga tayyorgarlikning borishi haqida so'zlab bersangiz. Davlat rahbarlarining uchrashuvini mazmunan to’ldirish bo’yicha ishlar qanday kechmoqda?
V.Norov: Mamlakatimizning ShHTga raisligi O'zbekiston diplomatiyasiga katta mas'uliyat yuklaydigan jiddiy siyosiy jarayondir.
O'tgan 20 yildan ortiq vaqt mobaynida ShHT juda ko'plab yutuqlarga erishdi. Uning muvaffaqqiyatlari hech qanday shubha ostiga olinmaydi. Tashkilot nafaqat mintaqaviy hamkorlikning kuchli mexanizmi, balki global siyosatning muhim omiliga aylandi.
ShHTning, eng avvalo, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash sohasidagi xizmatlari shubhasizdir.
Bu, o'z navbatida, ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda.
Bugungi kunda SHHT derayli barcha sohalarda hamkorlik yoki o’zaro almashinuvlarni amalga oshirmoqda, jumladan, iqtisodiyot, madaniyat, ilm-fan, ta'lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, yoshlar, gender tengligi, parlament va xalq diplomatiyasi jabhalarida.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev tomonidan o'tgan yili ShHTning Dushanbe sammitida raisligimizning asosiy ustuvor yo'nalishlari belgilab berilgan edi.
Ushbu ustuvor yo'nalishlar zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda ShHT salohiyatini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni jadallashtirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek, ShHTning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan.
Ushbu ustuvor yo'nalishlar asosida infratuzilmaviy rivojlanish, hududlararo savdo-sotiq va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, qashshoqlikni qisqartirish, sog'liqni saqlash, turizm va axborot texnologiya sohalarida hamkorlikni mustahkalmashga qaratilgan kontseptual hujjatlar ishlab chiqildi.
O'zbekiston ShHTga raisligi davrida mazkur yo’nalishlarda ko'p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish, ularga amaliy tashabbuslar va harakatlar orqali jadal tus berishga intilmoqdamiz.
Ushbu g'oyalarni amalga oshirish maqsadida 80 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan bo’lib, ulardan 30 tasi ShHTga a'zo davlatlar tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida o'tkaziladi.
Bugun biz raisligimizning eng faol bosqichidamiz. Hozirgi kunga qadar 40 dan ortiq tadbirlar o'tkazildi. Faqat may oyining o’zida 9 ta vazirlar darajasidagi uchrashuvlar o'tkaziladi.
Har bir ekspertlar darajasidagi yig’ilishlar va vazirliklar uchrashuvlari Samarqand sammitini mazmunan to'ldirishga qaratilgan. Mazkur tadbirlarda davlatlar rahbarlari tomonidan ko’rib chiqiladigan hujjatlar loyihalari o’rganilmoqda.
Sammitning asosiy hujjati bo’lmish ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining Samarqand deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjat o'zaro ishonch, o'zaro manfaat, tenglik, teng huquqli maslahatlashuvlar, sivilizatsiyalar xilma-xilligiga hurmat va umumiy rivojlanishga intilish tamoyillarini o’z ichiga olgan “Shanxay ruhi” asosida tayyorlangan.
Hujjatda ShHTning faoliyati, a'zo davlatlarning Tashkilotni rivojlantirish istiqbollariga o’zaro kelishilgan yondashuvlari, shuningdek, ShHTning xalqaro va mintaqaviy vaziyatga nisbatan pozitsiyasi aks etgan.
Hujjatda alohida ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyo ShHTning asosiy omili bo’lib, mintaqa mamlakatlarining umumiy farovonlik va tinchlik, barqaror taraqqiyotni ta'minlash, ishonch va do'stlik makonini shakllantirishga qaratilgan sa'y-harakatlari qo'llab-quvvatlanishi bildiriladi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuv uchrashuvlari o'tkazilishi olqishlanib, ushbu mintaqaning barqarorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashda ShHTning faol rolini kengaytirish muhimligi qayd etiladi.
Bugungi kunda Sammit hujjatlari ro'yxatiga kiritilgan hujjatlarning qariyb yarmi ekspertlar darajasida kelishilgan va tegishli vazirlik uchrashuvlarida ma'qullangan. Bu juda yaxshi ko'rsatkichdir.
O'zbekiston tomoni raisligimizning tashabbuslarini ilgari surish va tashkilot mexanizmlari yig'ilishlarini sifatli o'tkazish maqsadida ShHTga a'zo har bir davlat va Kotibiyat bilan yaqindan ish olib borayotganini alohida ta'kidlashni istardim.
Bundan tashqari, ShHT Kotibiyati tomonidan Tashkilotimizning xalqaro aloqalarini rivojlantirish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Arab davlatlari ligasi, YUNESKO, ESKATO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha memorandumlarni muvofiqlashtirishda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Ishonchim komilki, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan ShHT sammiti davomida muhim kelishuvlarga erisha olamiz.
ShHT Bosh kotibi va uning jamoasiga ShHT sammiti va Tashkilotning asosiy organlari majlislarini mazmunan boyitishda olib borayotgan samarali faoliyati uchun minnatdorlik bildiramiz.
Savol: O‘zbekistonning ShHTga raisligi davrida Eronning Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida kirishi bo‘yicha qandaydir qarorlar qabul qilinadimi?
V.Norov: Maʼlumki, oʻtgan yili ShHTning Dushanbe sammitida davlat rahbarlari Eron Islom Respublikasini ShHTning toʻlaqonli aʼzosisifatida qabul qilish tartibini boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
O‘zbekistonning raisligi davrida ushbu qarorni amalga oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
ShHT Kotibiyati ishtirokida Eron tomoni bilan qator maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Eron vakillari bilan muzokaralar jarayonida birinchi qadam sifatida Eron tomonining ShHTga aʼzo boʻlish majburiyatlari toʻgʻrisidagi Memorandum loyihasi kelishildi.
Ushbu hujjat Eronning ShHT doirasida qabul qilingan xalqaro shartnomalarga qo‘shilish majburiyatlari, shuningdek, tashkilot byudjetiga to’lanadigan badallar miqdori va ShHTning doimiy organlaridagi kvota birliklarini belgilab beradi.
Memorandumning kelishilgani Eron tomoni aʼzolikni qoʻlga kiritganidan soʻng ShHTning maqsad va tamoyillariga rioya qilish, aʼzo davlatlar bilan doʻstlik munosabatlari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga hissa qoʻshish, ShHTning xalqaro va mintaqaviy masalalarda nufuzini oshirish, shuningdek, “Shanxay ruhi”ni yanada mustahkamlashga tayyor ekanidan dalolat beradi.
Memorandum Samarqand sammiti doirasida imzolanishi rejalashtirilgan. Hujjatning imzolanishi Eronga ShHTga aʼzo davlat maqomini berish masalasini hal etish uchun asos boʻladi.
Ya’ni, Eron tomoni o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarsa, 2023-yilda bo‘lib o‘tadigan sammitdayoq Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Alohida taʼkidlashni istardimki, Eronni ShHTga a’zo davlatlar safiga qabul qilish toʻgʻrisidagi kelishuvlar Tashkilotning ochiqlik tamoyili va aʼzo davlatlarning unga qatʼiy amal qilish niyatini yaqqol tasdiqlaydi.
Eronning tashkilotga a’zo bo‘lishi ShHTning “geografik mas’uliyat” hududini kengaytiradi, o‘zaro bog‘liqlik sohasida mintaqalararo tashabbuslarni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadi.