O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishidagi nutqi

2022-yil 13-may, Dushanbe shahri

 

Hurmatli Sirojiddin Muhriddin,

Hurmatli Muxtar Beskenovich,

Hurmatli Sergey Nikolayevich,

Hurmatli hamkasblar,

Go‘zal Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDH tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlayman.

Jeenbek Moldokanovich Kulubayevni Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangani munosabati bilan bildirilgan tabriklar va tilaklarga qo‘shilaman.

Tadbirning yuqori saviyada tashkil etilgani va samimiy mehmondo‘stligi uchun Tojikiston tomoniga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.

Qozog‘istonlik do‘stlarimizga joriy yil MDHga raislikda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Raislik Konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va uni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar Rejasini hayotga tadbiq qilishda birgalikda harakat qilishga tayyormiz.

O‘zbekiston MDHning yanada rivojlanishi va mustahkamlanashidan hamda Tashkilot xalqaro nufuzi barqaror oshib borishidan manfaatdordir.

Hurmatli do‘stlar,

Bugun biz doimiy geosiyosiy notinchlik, xalqaro munosabatlarning tubdan o‘zgarishi, beqarorlik va noaniqlik omillarining kuchayib borishi, mahalliy darajadagi qurolli to‘qnashuv o‘choqlarining keskinlashishi, terroristic kuchlarning faolligi va ekologik muammolarning vayronkor oqibatlarining ortib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Ushbu inqirozli vaziyatlar butun Hamdo‘stlik hududiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlik, siyosiy barqarorlik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqqiyot uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarmoqda.

Dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalarning tezkorligi va xalqaro munosabatlarda mintaqalashish jarayonlarining o‘rni ortib borayotgani Hamdo‘stlikning bugungi kun voqeligiga doimiy moslashuvi zarurligini taqozo etmoqda.

MDHni yangilash yo‘llari, uning tarkibi va ishlash tamoyillarini o‘zgartirish, normativ-huquqiy bazani dolzarblashtirish o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga  ko’tarish uchun dolzarb ahamiyatga egadir.

Bugungi voqelikni hisobga olgan holda, MDH doirasidagi hamkorlikning, fikrimizcha, ustuvor ahamiyatga ega yo‘nalishlarini qayd etib o‘tishga ijozat bergaysiz.

Birinchidan. O‘zbekistonning 2020-yilda MDHga raisligi davrida qabul qilingan MDHni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi va 2030-yilgacha mo‘ljallangan MDHni iqtisodiy rivojlantirish Strategiyasini amalga oshirilishni hozirgi bosqichda muhim vazifalardan deb hisoblaymiz. Ushbu hujjatlar o’zaro kelishilgan maqsadlar va hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ularni amalga oshirish mexanizmini qamrab olganligi bilan e’tiborga molikdir.

Shuningdek, Hamdo‘stlik sammitlarida davlatlarimiz rahbarlari tomonidan ilgari surilgan hamda eng avvalo MDH salohiyatini kuchaytirish, savdo-iqtisodiy jarayonlarni erkinlashtirish, ta’lim, fan, texnologiyalar, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, fuqarolarning hayot darajasi va farovonligini oshirish, an’anaviy va yangi tahdid va xavf-xatarlar bilan kurashishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish yo’lida birgalikdagi harakatlarni davom ettirishni taklif qilamiz.

Ikkinchidan. Bugun Hamdo‘stlik davlatlari iqtisodiyotlari dunyo iqtisodiy tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Davom etayotgan geosiyosiy keskinlik va sanksiyaviy ziddiyatlar milliy iqtisodiyotlarning barqaror faoliyati va mahsulotlar yetkazib berish zanjirlarining buzilishi, ish o‘rinlarining qisqarishu va alal-oqibat ijtimoiy keskinlik uchun omillarni yuzaga keltiradi.

Shu o‘rinda, fikrimizcha, makroiqtisodiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muvozanatli va muvofiqlashtirilgan yondashuv, shuningdek inqirozli holatlarga samarali  javob berish mexanizmlarini yaratish zarur.

Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi Shartnomaning salohiyatidan foydalanish, yaqin fursatlarda xizmatlarning erkin savdo-sotig’i to‘g‘risida bitimni imzolashga erishish, tovar va xizmatlar harakatlanishi yo‘lida qolayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, o‘zaro savdo-sotiqni raqamlashtirish, transport-tranzit kommunikatsiyalarini takomillashtirish, o‘zaro investitsiyalarni hamda korxona va mintaqalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatni davom ettirish lozim.

Shu ma’noda, hamkorlarimizga o‘tgan oy Toshkent shahrida 700 dan ortiq kompaniya va biznes-delegatsiyalar, shuningdek, 10 mingdan ko‘proq mehmonlar ishtirokida o’tgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida faol ishtiroklari uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Shu bilan birga, hamkorlarimizni joriy yil Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Sanoat kooperatsiyasi va MDH Mintaqalararo hamkorlik forumlarining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Mazkur tadbirlar savdo, ishbilarmonlik va ishlab chiqarish aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan. Dunyodagi so‘nggi voqealar mintaqamiz davlatlari iqtisodiyotlarining barqaror faoliyati va izchil taraqqiyoti uchun keng tarmoqli va ishonchli xalqaro transport kommunikatsiyalarini shakllantirishning muhimligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Shundan kelib chiqib, Hamdo‘stlik hududida, birinchi o‘rinda «Shimol-Janub» yo‘nalishidagi mintaqalararo va transkontinental transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan «Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor» yo‘nalishidagi temir yo‘lini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni muhim deb bilamiz.

Bu MDH davlatlaridan Janubiy Osiyoning yirik bozorlariga chiqish uchun yangi va qisqa tranzit yo‘lagini barpo etishga imkon yaratadi. MDH janubiy yo‘nalishida transport-kommunikatsiya loyihalarining amalga oshirilishi tranzit oqimlarini shakllantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlashuviga hissa qo‘shish orqali qo‘shni Afg‘oniston uchun muhim imkoniyatlarni yaratadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, dunyoning strategik jihatdan muhim ikki mintaqasining ishga solinmagan salohiyatini ochishga qaratilgan rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Hozirgi kunda BMTga a’zo davlatlar bilan mazkur tashabbusni amalga oshirish ‘yicha maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Hujjatni MDH doirasidagi hamkorlarimiz ham qo‘llab-quvvatlashiga umid bildiramiz.

To‘rtinchidan. Afg‘onistonga to’xtalganda, afsuski, xalqaro hamjamiyatning ushbu mamlakatdagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og’ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda.

Fikrimizcha, xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning bugungi kuni va kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi hamda Afg‘onistonning og’ir ijtimoiy muammolarini hal qilishda yordamni davom ettirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi kerak. 

Muqaddas Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat, 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklangan yana bir gumanitar yordam poyezdi jo‘natildi.

Joriy yil iyul oyi oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya ushbu masalalarni dolzarblashtirish va har tomonlama muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish maqsadida sizlarni ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif etamiz.

Beshinchidan. Madaniy-gumanitar hamkorlikni jadallashtirish va kengaytirish zarur deb hisoblaymiz.

Shu o‘rinda joriy yil MDH Ijodiy va ilmiy ziyolilarining navbatdagi forumi O‘zbekistonda o‘tkazilishini alohida ta’kidlashni istardim. Biz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni so’rab, Hamdo‘stlikda madaniy-gumanitar sohasidagi asosiy tadbir bo’lgan anjumanda keng ishtirok etishga chorlaymiz.

Oltinchidan. Bu yil Hamdo‘stlik mamlakatlari yana bir yubiley sanani – MDH Parlamentlararo assambleyasi tashkil etilganining 30 yilligini nishonlamoqdalar. Mazkur tuzilma Hamdo‘stlikning yuzaga kelgan ilk kunlarnda mavjud bo’lgan hamda uning huquqiy asoslarini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shgan.

Ushbu sanani nishonlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezident tomonidan Parlamentlararo assambleyaning, shu jumladan uning yoshlar qanoti – Yoshlar Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yig‘ilishini joriy yil kuz faslida Toshkent shahrida o‘tkazilishi taklif etildi.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalarga kelsak, O‘zbekiston tomoni ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan hujjatlar ro‘yxatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Xususan, a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar dasturi ijrosini qoniqarli deb baholaymiz. Mazkur hujjat Hamdo‘stlik doirasida va xalqaro platformalarda siyosiy va diplomatik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganligi bilan e’tiborga molikdir.

Biz 2021-yil uchun vazirliklararo maslahatlashuvlar rejasini amalga oshirish natijalarini ijobiy baholaymiz. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarga yondashuvlar borasidagi tajriba va axborot almashinuvini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, ekspertlar tomonidan MDH mamlakatlari yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni  maqsadida ishlab chiqilgan "MDH Yoshlar poytaxti" yangi xalqaro dasturini qo‘llab-quvvatlaymiz. Hukumatlarimiz rahbarlari tomonidan dastur ma’qullangandan so’ng, MDH Yoshlar poytaxti sifatida O‘zbekiston shaharlaridan birini taklif etishga tayyormiz.

Bugun Samarqanddagi "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universitetiga turizm sohasidagi MDH bazaviy tashkiloti maqomini berish qarorni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkor-davlatlarga minnatdorchilik bildiramiz. Hamdo‘stlik mamlakatlari yoshlariga O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lidagi dunyoga mashhur – Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida turizm sohasida amaliy mashg‘ulotlar olib borishlari hamda yashash va ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan ushbu zamonaviy oliygohda bilim olishni va malaka orttirishni taklif qilamiz. 

So‘zimning yakunda, tojikistonlik do‘stlarimizga samimiy qabul va an’anaviy mehmondo‘stlik uchun, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasiga tadbirga ko‘rilgan puxta tayyorgarlik uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

Shuningdek, qozog’istonlik do‘stlarimizga bu yil Hamdo‘stlikka raislik qilish doirasida belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.