O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Latviya Tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga bergan javoblari
G‘.Xonnazarov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri:
– O‘zbekiston-Latviya munosabatlarining bugungi holatini qanday baholaysiz?
Abdulaziz Kamilov: Bu yil mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ladi. O‘tgan vaqt mobaynida munosabatlarimizni hatto rasmiy hujjatlar imzolamay turib ham strategik sheriklik darajasiga olib chiqish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratildi. Eng muhim xalqaro hamda mintaqaviy masalalarda qarashlarimiz va yondashuvlarimiz mushtarak. Ikki tomonlama kun tartibida siyosiy muammolarga ega bo‘lmagan holda, asosiy e’tiborni savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy aloqalarimizni, madaniyat va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratishimiz zarur, degan yakdil fikrdamiz. Eng muhimi, muzokaralar chog‘ida biz o‘zaro hamkorligimizda pandemiya va boshqa turli sabablarga ko‘ra yuz bergan tanaffuslar tufayli boy berilgan imkoniyatlarimiz o‘rnini to‘ldirishga kelishib oldik.
<iframe width="1200" height="400" src="https://www.youtube.com/embed/12QJR0uTems" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
E’tiborlisi, bundan sakkiz yil avval Latviya Tashqi ishlar vaziri mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Bugungi uchrashuvda u o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekistonga bu galgi tashrifi taassurotlarini qiyoslab, yurtimiz butunlay boshqa davlatga aylanganini aytdi.
Bugun Yangi O‘zbekiston Yangi Taraqqiyot strategiyasi bilan barpo etilmoqda. O‘zbekiston taraqqiyotining ushbu muhim bosqichida biz latviyalik do‘stlarimizning ko‘magini yuksak qadrlaymiz.
O‘zaro munosabatlarimiz va joriy kun tartibini takomillashtirishning yangi jihatlariga kelsak, biz o‘zaro aloqalarni Yevropa Ittifoqi doirasida davom ettiramiz va hamkorlikni rivojlantiramiz. Biz Latviya TIV rahbarining Yevropa Ittifoqidagi barcha hamkasblarini O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga undayotganini yuksak qadrlaymiz.
Bir so‘z bilan aytganda, munosabatlarimiz jadal rivojlanish bosqichida. Ishonchimiz komilki, kelajakda bundan-da katta yutuqlarga erishamiz.
Valeriy Biryukov, TASS axborot agentligi muxbiri (Rossiya):
– Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, bu davlatga gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatish borasida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi munosabatlarning istiqbollari haqida batafsil aytib o‘tsangiz.
Abdulaziz Kamilov: Bu kutilgan savol edi, chunki bugun mintaqadagi mavjud voqelikni hisobga olgan holda hamma Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilmoqda.
<iframe width="1200" height="400" src="https://www.youtube.com/embed/8PTzzVO0Bh0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Darhaqiqat, biz Latviya tashqi ishlar vaziri bilan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Albatta, Latviya NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Afg‘oniston bilan bog‘liq muayyan majburiyatlarga ega. Biroq o‘tgan yillar shuni ko‘rsatdiki, hatto ushbu majburiyatlar doirasida ham Latviya har doim oqilona, amaliy, puxta o‘ylangan, turli mafkuralardan xoli yondashuvni namoyon etib kelmoqda. Shu bois latviyalik do‘stlarimiz bilan bu masalada muloqot qilish biz uchun doim yoqimli va foydali bo‘lib kelgan. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida ham biz Latviya delegatsiyasiga Afg‘oniston masalasida O‘zbekiston pozitsiyasi va yondashuvlari haqida ma’lumot berdik.
Bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik shakllangani haqiqat. Albatta, ushbu davlat muvaqqat hukumatini tan olish yoki tan olmaslik borasida turlicha yondashuvlar mavjud. Hukumatni tan olish masalasi – ikki tomonlama harakatlar evazigagina amalga oshishi mumkin. Ya’ni, oldinga siljish kerak: muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart (va ular juda ko‘p). Bular xalqaro hamjamiyat qo‘yayotgan deyarli o‘sha shart va talablardir.
Boshqa tomondan esa xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan har qanday ijobiy qadam va o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi kerak. Bu hukumat bilan ishlash, muloqot qilish, ta’sir o‘tkazish, xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari va shartlari haqida ma’lumot berish kerak. Shu tariqa qarashlarni yaqinlashtirish, o‘zgarishlarni yaxshi tomonga burish mumkin.
O‘zbekiston eng og‘ir davrlarda ham Afg‘oniston vakillari bilan aloqalarni to‘xtatmadi. Bugun esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. Gap energetika va transport kommunikatsiyalari sohasida ham jiddiy loyihalarni amalga oshirish haqida bormoqda.
Tashqi ishlar vaziri timsolida Latviya tomoni ham, Yevropa Ittifoqi rahbariyati, jumladan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ham yakdil fikr bildirmoqda, ya’ni bugungi kundagi asosiy vazifa – Afg‘onistonda gumanitar halokatning oldini olishdir. Vaziyatning keskinlashishi jamiyatda radikallashuv, turli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar, ektremizm kuchlarining kuchayishiga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston va Latviyaning Afg‘oniston masalasidagi umumiy manfaatlari xalqaro hamjamiyat manfaatlari bilan hamohangdir. Bu esa, ayni paytda qanchalik g‘ayritabiiy tuyulmasin, Afg‘oniston muvaqqat hukumati pozitsiyasiga ham mos keladi. Ushbu hukumat mamlakatni terrorchilardan tozalash uchun ko‘plab choralarni amalga oshirmoqda. Ular mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamjamiyatga integratsiyalashish istagini bildirmoqdalar. Biz ushbu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Shu bilan birga, o‘z shartlarimizga amal qilinishi, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning bartaraf etilishi, Afg‘oniston xalqi uchun munosib yashash shart-sharoitlari yaratilishini talab qilishimiz zarur.
Gumanitar falokatning oldini olish borasidagi ishlarning muhim jihatlaridan biri O‘zbekiston tomonidan tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatilayotganidir. O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan chegara hududi infratuzilma imkoniyatlaridan foydalangan holda Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini tashkillashtirilgan ravishda yetkazib berish uchun Termiz shahrida ko‘p funksiyali xalqaro transport xabi allaqachon tashkil etildi. Ushbu markazni ta’sis etish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlagani uchun Latviya tomoniga minnatdorlik bildiramiz.
Afg‘oniston bo‘yicha yetarli tajribaga ega bo‘lgan Latviya sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirish maqsadida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish istagini bildirdi. Chunki Afg‘oniston bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda yondashuvlarimiz mushtarakdir.
E’tiboringiz uchun tashakkur.