O‘zbekiston-Italiya siyosiy maslahatlashuvlari to’g’risida

2022-yilning 10-may kuni Rim shahrida O‘zbekiston va Italiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 7-davrasi bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tashqi ishlar bo‘yicha Davlat kotibi Manlio Di Stefano boshchilik qildi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Italiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning holati va ularni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, istiqbolli qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

BMT, Yevropa Ittifoqi, “Italiya – Markaziy Osiyo” muloqoti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro hamkorlikning alohida jihatlari tahlil qilindi.

Madaniyat, sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish, ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi.

Dolzarb va amaliy ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish orqali ikki tomonlama hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.