O‘zbekiston Elchisi Misr Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

2022-yil 31-mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mansurbek Qilichev Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisiyga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Tantanali tadbir Qohiradagi “Al-Ittihodiya” prezident saroyida bo‘lib o‘tdi.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimida faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston Elchisi sharafiga Davlatimiz madhiyasi yangradi.

Qisqa suhbat chog‘ida Misr rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘zining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yo‘llab, Misr tomoni O‘zbekiston bilan barcha sohalarda do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash istagini yana bir bor bildirdi.

O‘zbekiston-Misr o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, Misr Prezidentining 2018 yil 4-5 sentabr kunlari mamlakatimizga rasmiy tashrifi chog‘ida oliy darajadagi muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.