O‘zbekiston delegatsiyasining MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi ishtiroki to’g’risida
2022-yil 13-may kuni Dushanbe shahrida Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi raisligida o‘tkazilgan tadbirda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari xalqaro kun tartibi va Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, MDH davlat va hukumat rahbarlari Kengashlariga kiritiladigan ko‘p tomonlama hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
MDH ishtirokchi-davlatlari tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturi va TIVlararo maslahatlashuvlar rejasining 2021-yildagi ijro natijalari tasdiqlandi.
Belarus notarial palatasiga – notarial faoliyat sohasida, Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm universitetiga – turizm sohasida MDHning tayanch tashkilotlari maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston delegatsiyasi jahonda ro‘y berayotgan voqealar va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlarning jadalligi Hamdo‘stlikni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini ta’kidladi.
O‘zbekistonning 2020-yilda Hamdo‘stlikka raislik qilish davrida qabul qilingan Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi va MDH iqtisodiy taraqqiyoti Strategiyasini amalda bajarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirish taklif etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdo‘stlik sammitlarida ilgari surilgan MDH doirasidagi o‘zaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy jarayonlarni liberallashtirish, ta’lim, fan, texnika, sog‘liqni saqlash, madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, fuqarolarning farovonligi va turmush darajasini oshirish, shuningdek, an’anaviy va yangi chaqiriq hamda tahdidlarga qarshi turishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Bu boradagi aniq qadamlarni keng muhokama qilish maqsadida MDH hamkorlari joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo hamkorlik, ijodiy va ilmiy ziyolilar forumlari, shuningdek, Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga taklif etildi.
Yig‘ilish yakunida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2022-yil 13-oktabrda Nur-Sulton shahrida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.