O'zbekiston BMTning Afg'onistondagi gumanitar majburiyatlar bo'yicha konferensiyasida ishtirok etdi
2022-yil 31-mart kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg'onistondagi gumanitar majburiyatlar bo'yicha onlayn-konferensiyasida ishtirok etdi.
Anjuman BMT tomonidan Buyuk Britaniya, Germaniya va Qatar hukumatlari bilan birgalikda BMTning Afg'onistondagi gumanitar faoliyatini moliyalashtirish uchun donorlik mablag'larini safarbar qilish va ushbu mamlakatdagi gumanitar inqirozga xalqaro hamjamiyat e'tiborini jalb qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir ochilishida BMT Bosh kotibi Antonio Gutterish va tashkilotchi mamlakatlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari so'zga chiqdilar. Yalpi majlis doirasida Afg'onistondagi hozirgi gumanitar vaziyat, jumladan, xotin-qizlar va bolalar ahvoliga alohida urg'u berilgan holda muhokama qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Vladimir Norov o'z nutqida, O'zbekistonning Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakat muvaqqat hukumati bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish borasidagi pozitsiyasi va qarashlarini tilga oldi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi tomonidan afg'on xalqiga gumanitar yordam ko'rsatish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar to'g'risida ma'lumot berildi. Afg'onistonga ko'maklashish bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlarni safarbar qilish va muvofiqlashtirishda BMTning faol ishtirok etishi muhimligi qayd etildi.