Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2022-yil 13-may kuni Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi majlisi doirasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Ozarbayjon Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashqi ishlar idoralalari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Tomonlar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy rishtalar, O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslangan strategik sheriklikning bugungi holatini yuqori baholadilar.
Soʻnggi vaqtlarda ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashdi, Toshkentni Boku bilan bogʻlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi tiklandi.
Shu bois o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar, jumladan, ustuvor tarmoq va yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mintaqaviy miqyosda o‘zaro hamkorlikni rag‘batlantirish orqali kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar izlashga tomonlarning tayyorligi ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ozarbayjon hukumatlararo qo‘shma komissiyasining o‘n birinchi majlisi va TIVlararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.
Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, O‘zbekiston va Ozarbayjon hududida qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazishga ko‘maklashish, turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy intilish bildirildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro hamkorlikning eng muhim jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.