O‘mon Elchisi bilan uchrashuv
2022-yil 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov O‘mon Sultonligining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad al-Qasiriyni qabul qildi.
Turli sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va O‘mon siyosiy muloqotni, jumladan, siyosiy maslahatlashuvlar, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, delegatsiyalarning tashriflarini o‘zaro asosda tashkil etish orqali yo‘lga qo‘yishga tayyorligi bildirildi.
BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Elchi O‘mon hukumati Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi hamda uning samarali amalga oshirilishini ta’minlashda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini alohida ta’kidladi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘mon investitsiyasini jalb etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasidagi almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.