Norvegiyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashuv

2022-yil 22-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Norvegiyaning Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Kyell-Gunnar Eriksen bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashdi.

Tomonlar Afgʻonistondagi mavjud vaziyat, xususan, Oʻzbekiston va Norvegiyaning afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal qilish, shuningdek, mamlakatga tez fursatlarda insonparvarlik yordami koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarini muhokama qildilar.

K.G.Eriksen Oʻzbekiston rahbariyatining Afgʻonistondagi mavjud vaziyatga nisbatan yondashuvini, ayniqsa, ushbu mamlakatdagi gumanitar vaziyatni yaxshilash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholab, Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik hamda osoyishtalikni oʻrnatish boʻyicha tezkor choralar koʻrish muhimligini taʼkidladi.

Afgʻoniston boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikning mumkin boʻlgan ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashildi.