Misrga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga

O‘zbekiston Respublikasining Qohira shahridagi Elchixonasi xabariga ko‘ra, Misr Sog‘liqni saqlash va aholishunoslik vazirligi mamlakatga havo, dengiz portlari va quruqlikdagi chegara o‘tkazish punktlari orqali kirishda o‘zgarishlar bo‘lganini ma’lum qildi.

2022-yil 22-yanvaridan boshlab Misrga kelgan barcha fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yoki mamlakat Dori-darmon agentligi tomonidan tasdiqlangan koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni taqdim etishlari shart. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno.

Shu bilan birga, Sinopharm, Sinovac, AstraZeneca, Sputnik V, Moderna, Pfizer va Johnson & Johnson vaksinalari Misrning o‘zida favqulodda foydalanish uchun ro‘yxatga olingan.

Emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatda sayohatchi kelishidan kamida 14 kun oldin bir martalik vaksinaning bir dozasini yoki ikki martalik vaksinaning oxirgi dozasini olganligini ko‘rsatishi kerak.

Emlash sertifikati bo‘lmagan taqdirda manfiy koronavirus testi (PZR testi, tezkor antigen testi yoki ID Now testi) taqdim etilishi kerak. Shu bilan birga, Janubiy Afrika, Botsvana, Mozambik, Namibiya, Lesoto, Zimbabve va Esvatinidan kelganlar PZR testini yoki tezkor antigen testini taqdim etishlari kerak.

Mabodo koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar yoki testlar Misr standartlariga javob bermasa, kelgandan keyin ekspress test qayta talab qilinadi.

Agar koronavirus borligi aniqlangan taqdirda, kelgan shaxslar mehmonxonada yoki turar joyda besh kunlik karantinda olinadilar. Oltinchi kuni esa PZR testi qayta topshiriladi va kasallik belgilari chiqmasa, ular o‘z-o‘zini yakkalash holatidan chiqadilar.

Shu munosabat bilan Misrga borishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan yangilangan epidemiyaga qarshi standartlarga e’tibor qaratishlarini hamda mazkur davlatda amaldagi profilaktika choralariga rioya etishlarini so‘raymiz.