Meksika Elchisi bilan uchrashuv

2022-yil 28-iyun kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Meksika Qo'shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Gilermo Alexandro Puente Ordorikni qabul qildi.

Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilib, V.Norovga uni lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik faoliyatda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog'ida O'zbekiston-Meksika aloqalari salohiyatini har tomonlama ro'yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi. Shu jumladan, o'zaro tashriflarni tashkil etish, vazirliklararo maslahatlashuvlar o'tkazish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, BMT va Amerika davlatlari tashkiloti doirasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali siyosiy-diplomatik aloqalarni faollashtirish zarurligiga e'tibor qaratildi.

Iqtisodiy diplomatiyani rag'batlantirish maqsadida tomonlar ishbilarmon doiralar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni o'rnatish, biznes-forumlarni tashkil etish, elektron tijorat (e-commerce) va "raqamli iqtisodiyot"ni rivojlantirish bo'yicha tajriba almashish, avtomobil sanoati, sog'liqni saqlash, farmatsevtika, tibbiy texnika ishlab chiqarish, O'zbekistondan sanoat mahsulotlari va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini import qilishni yo'lga qo'yish muhimligini ta'kidladilar.

Ta'lim sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, tomonlar qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, meksikalik o'qituvchi va mutaxassislarni jalb qilish, o'quv seminarlari va treninglarni o'tkazish masalalarini ko'rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildilar. 

Elchi qayd etganidek, Meksika O'zbekistonning mintaqadagi muhim o’rnini e'tirof etib, respublika bilan barcha sohalarda aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyordir. O'zbekiston tomonidan Afg'onistonga keng miqyosda gumanitar va boshqa yordam ko'rsatish, ushbu mamlakatnimnig ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy tiklanishida ishtirok etish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga yuksak baho berildi.

Muzokaralarda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg'oniston bo'yicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev ham ishtirok etdi.