“Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining uchinchi uchrashuvi
2022-yil 8-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Muloqot chog’ida o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil 25-yanvar kuni o’tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy rahbarlarining onlayn-sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish yo‘llari har tomonlama ko‘rib chiqildi.
Vazirlar siyosiy muloqot, barqaror rivojlanish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, axborot texnologiyalari, ekologiya, madaniy-gumanitar va yashil energiya manbalari sohalarida o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun sa’y-harakatlarni davom ettirish istagini tasdiqladilar.
Mintaqani xavfsizlik, o‘zaro manfaatli, barqaror va inklyuziv sheriklik makoniga aylantirish maqsadida Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining mavjud salohiyatidan foydalanish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.
Tomonlar Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan tiklashga ko‘maklashish, bunda, jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Afg‘onistonda fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishishga ko‘maklashish, gumanitar inqirozni imkon qadar tezroq yengib o‘tish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, uni jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etishdan barcha tomonlar birday manfaatdor ekanligi bildirildi.
Havo aloqalarini qayta yo’lga qo’yish, fuqarolar qatnovi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, yoʻlovchi tashuvchi reyslarni bosqichma-bosqich tiklash, yuklar va sayyohlar oqimini koʻpaytirish, “tezkor” va “yashil” yoʻlaklarni hamda multimodal tovarlar tashuvini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
V.Norov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining uzluksiz yuk tashishni taʼminlash, transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish hamda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Transport aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chorladi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot, 2022-2025-yillarda Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlashda oʻzaro hamkorlik boʻyicha tashabbus qabul qilindi.