Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi to‘g‘risida
2022-yil 20-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Cho‘lponota shahrida (Qirg‘iz Respublikasi) Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning tashkiliy va mazmunli jihatlarini muhokama qildilar.
Xususan, Sammit kun tartibi va dasturi, davlat rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladigan yakuniy hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Markaziy Osiyoda siyosat, savdo, investitsiya, sanoat, transport, ekologiya, energetika, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish sohalarida davlatlararo hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
V.Norov o‘z nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli prinsipial jihatdan yangi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro ishonch muhiti shakllanganini ta’kidladi. Mintaqa mamlakatlari ko‘plab xalqaro masalalar bo‘yicha mushtarak pozitsiyaga ega va hatto eng murakkab masalalarda ham o‘zaro maqbul yechim topadi.
Shu bilan birga, zamonaviy voqeliklarni hisobga olgan holda, Markaziy Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga o‘z vaqtida javob berish va oqibatlarini yumshatish bo‘yicha tegishli tashabbus hamda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Xususan, yaqin savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy siyosat yuritish, tadbirkorlik subyektlari va hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, minataqaning transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, tabiiy resurslarni birgalikda samarali boshqarish muhimligi ta’kidlandi. Ta’kidlanganidek, bu yo‘nalishlarda qo‘shma chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi butun Markaziy Osiyo makonining barqaror rivojlanishi uchun har tomonlama samara beradi.
Afg‘onistondagi mavjud vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishda hamkorlikni davom ettirish dolzarbligi ta’kidlandi.