"Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining birinchi yig'ilishi bo’lib o’tdi
2022-yil 7-sentabr kuni Ar-Riyod shahrida "Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining birinchi yig'ilishi bo’lib o’tdi.
Tadbirda Kengashga a’zo davlatlar - BAA, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, Ummon hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari - Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalarida Kengashga a’zo mamlakatlar va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov o'z nutqida Kengashga a’zo davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi O'zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri ekanligini ta'kidladi.
Kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida Ishbilarmonlar kengashini tuzish, transport sohasida loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo'li qurilishini jadallashtirish, shuningdek transport vazirlari yig'ilishlari formatini yo’lga qo’yish bo'yicha takliflar bildirildi.
Birgalikda klinikalar faoliyatini yo’lga qo’yish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish, oliy o'quv yurtlari va kasb-hunar ta'limi markazlarining filiallarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni jadallashtirish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo'llab-quvvatlashning muhimligi qayd etildi.
Kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy merosini asrab-avaylash maqsadida hamkorlikda ko'rgazma va konferensiyalarni tashkil etish, qo'lyozma fondini raqamlashtirish va qo'shma virtual kutubxonalarni yaratish, muzeylarning bevosita aloqalarini rag'batlantirish, tarixiy-arxeologik tadqiqotlar o'tkazishni nazarda tutuvchi qo'shma tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan tashabbuslar bildirildi.
Uchrashuv ishtirokchilari e'tiboriga Afg'onistondagi vaziyat haqida ma'lumot taqdim etildi. Delegatsiyalar O'zbekistonning Afg'onistonga gumanitar yordam ko'rsatish va mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadilar. Joriy yilning iyul oyida bo'lib o'tgan "Afg'oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish" xalqaro konferensiyasining amaliy ahamiyati qayd etildi.
"Ko'rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo" Strategik muloqotining ikkinchi yig'ilishini 2023-yili Samarqand shahrida o’tkazish taklif qilindi.