Koreya Respublikasi Elchisi bilan uchrashuv

2022-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Kim Xi Sangni qabul qildi.

Ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimidan so‘ng Vazir Elchini O‘zbekistonga tayinlangani munosabati bilan tabriklab, yuksak va mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan sohalarda O‘zbekiston-Janubiy Koreya maxsus strategik sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni har tomonlama amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va O‘zbekistonda koreys diasporasi tashkil topganining 85 yilligini nishonlash bo‘yicha “O‘zaro almashinuv yili” doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.