Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri, ta’lim davlat vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida

Dehlida bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov kecha Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri, ta’lim davlat vaziri Rajkumar Ranjan Singx bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida Hindiston vakili davlatlararo hamkorlikning bugungi darajasini yuqori baholadi hamda o‘zaro aloqalar jadal rivoj topayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Hindiston rahbarlarining o‘zaro ishonchga asoslangan faol muloqoti natijasida ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yangi dinamika mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuvda madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish muhimligi, bu esa ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.