Hindiston Bosh vaziri maslahatchisi oʻrinbosari bilan uchrashuv

2022-yil 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Hindiston Respublikasi Bosh vazirining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Vikram Misri bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Tomonlar ikki davlat rahbarlarining oʻzaro ishonchli muloqoti va amaliy saʼy-harakatlari tufayli erishilgan Oʻzbekiston-Hindiston strategik sheriklik hamda koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishdagi jadal oʻsishni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

V.Misri Hindiston hukumati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar yoʻnalishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirib, Nyu-Dehli Oʻzbekiston bilan barcha ikki tomonlama yoʻnalishlarda hamda “Hindiston+Markaziy Osiyo” formati shakli doirasida hamkorlikni faollashtirishga tayyorligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston tomonining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlari yuqori baholandi. Bu tashabbus tarixan yaqin boʻlgan ikki mintaqaning ulkan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Dunyo va mintaqadagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. V.Misri Oʻzbekistonning Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish, mazkur mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan infratuzilma, transport va energetika loyihalarini amalga oshirish boʻyicha faol qadamlarini olqishladi.

Xalqaro institutlar orqali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarning tashkiliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Hindiston delegatsiyasi Oʻzbekistonning ShHTga raisligining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishda har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyorligini maʼlum qildi.