Global Yashil o‘sish instituti bosh direktori o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Global yashil o‘sish instituti (GGGI) bosh direktori o‘rinbosari Xelena Makleodni qabul qildi.
Vazir mehmonni qutlar ekan, mazkur institutning mintaqadagi birinchi vakolatxonasiga aylangan GGGI idorasi Toshkent shahrida ochilgani munosabati bilan tabrikladi.
O‘zbekiston va GGGI o‘rtasida Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish, Orolbo‘yi hududidagi aholini ijtimoiy himoya qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, “yashil” texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etish, shaharlarni ko‘kalamzorlashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda GGGIning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Aaron Rassel ham ishtirok etdi.