Fransiya Elchisi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Fransiya kun tartibining turli jihatlari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida ko‘p tomonlama tuzilmalar, xususan, rasmiy Parijning Yevropa Ittifoqi Kengashidagi raisligini hisobga olgan holda o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Fransiya tomoni O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarni yuqori baholadi.
Turli daraja va shakllarda rejalashtirilgan muloqotlar jadvali bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, Fransiyaning “Medef Internatsional” ishbilarmonlar doirasi assotsiatsiyasining bo‘lajak tashrifi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish hamda O‘zbekistonda Fransiya kapitali ishtirokidagi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini mazmunli muhokama qilishga xizmat qiladi.
Tomonlar 2022-yil noyabr oyida Parijdagi Arab dunyosi institutida va Luvr muzeyida “Markaziy Osiyoning ulug‘vorligi. O‘zbekiston karvon yo‘llarida” hamda “Yaktak va chopon” nomli ko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini inobatga olgan holda madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasida o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy mavzular yuzasidan fikr almashildi.