Chernogoriya Elchisi bilan uchrashuv haqida

2022-yil 29-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Chernogoriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Milorad Shchepanovichni qabul qildi.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Elchini yuksak va mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, uning faoliyatida muvaffaqqiyatlar tilab qoldi.

M.Shchepanovich samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Chernogoriya O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlat sifatida qaragan holda respublika bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratishini ma’lum qildi.

Bugun mamlakatimizda hayotga tadbiq etilayotgan, nafaqat respublikadagi keng islohotlar, balki butun Markaziy Osiyoda siyosiy muhitning o‘zgarishiga xizmat qilayotgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasiga yuqori baho berildi. Respublikada Asosiy qonunga qo‘shimcha va o‘zgarishlar  kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning ahamiyatini alohida e’tirof  etar ekan, Elchi bu yo‘nalishdagi O‘zbekistonda amaliyoti fuqarolar huquq va erkinliklarini konstitutsiyaviy darajada samarali himoya qilishning namunasi sifatida xizmat qilishini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Chernogoriya siyosiy muloqoti jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar jahon siyosatining ko‘plab masalalari bo‘yicha yaqin yoki o‘xshash pozitsiyalarga ega bo‘lib, xalqaro institutlar doirasida bir-birlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ham e’tirof etildi. 

Savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tadbirkorlik subyektlari va savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi bevosita muloqotni kengaytirish, rangli metallurgiya, mashinasozlik, farmatsevtika, turizm sohalarida qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga tayyorligi qayd etildi. Elchi Chernogoriya vakillari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish niyati borligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.