Buyuk Britaniyaning Afg'oniston bo'yicha Maxsus vakili bilan muzokaralar

2022-yilning 14-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Buyuk Britaniyaning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Nayjel Keysi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, shuningdek, mamlakatga tezkorlik bilan gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Yuqori martabali diplomat O‘zbekistonning Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatish, jumladan, ushbu mamlakatga iqtisodiy yordam ko‘rsatishdagi muhim rolini alohida ta’kidladi. 

Xususan, Britaniya tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yetkazish uchun BMT shafeligida Termiz shahrida ko‘p funksiyali transport-logistika markazini yaratish tashabbusi muhimligi va dolzarbligini ta’kidladi.

Shuningdek, Afg'onistondagi mavjud vaziyat, xalqaro hamjamiyatning yangi hukumatga nisbatan umumiy pozitsiyasini ishlab chiqish va ushbu davlatda gumanitar inqirozni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.