Buyuk Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qiladi
Mamlakatimizning London shahridagi Elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10-yanvaridan boshlab Buyuk Britaniya O‘zbekistonda berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to'g'risidagi sertifikatlarni rasman tan oladi.
Bunda agar hujjat egasi quyidagi vaksinalardan biri bilan mamlakatga kelishidan kamida 14 kun oldin emlashning to'liq kursini tugatgan bo'lsa, emlanganlik sertifikati haqiqiy deb tan olinadi: Covaxin, Moderna, Janssen (bitta doza), Novavax (Nuvaxovid va Covovax), Oxford/AstraZeneca, Pfizer/BioNTech, Sinopharm Beijing, Sinovac-CoronaVac.
Sertifikatning tan olinishi emlangan O‘zbekiston fuqarolariga Buyuk Britaniyaga koronavirusga PZR testini taqdim etmasdan kirish imkonini beradi va ularni 10 kunlik karantindan o‘tish majburiyatidan ozod qiladi. PZR testi o'rniga, kelgandan keyingi ikkinchi kuni faqat IFA testidan (lateral flow test) o'tish lozim.
Batafsil ma’lumot Britaniya hukumati veb-saytida e'lon qilingan.