BMT Bosh kotibining Tamaddunlar ittifoqi bo'yicha Yuqori vakili bilan uchrashuv to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Tamaddunlar ittifoqi bo'yicha Yuqori vakili Migel Anxel Moratinos bilan uchrashuv o'tkazdi.

Tamaddunlar ittifoqi 2005-yili turli madaniyatlar va dinlar, mamlakatlar va xalqlari o'rtasidagi o'zaro anglashuvni mustahkamlash, jamiyatning qutblanishiga qarshi kurashishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan.

O'zbekistonning Tamaddunlar ittifoqi bilan hamkorligini chuqurlashtirish, madaniyatlararo muloqotga ko'maklashuvchi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqin aloqalar o'rnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Vladimir Norovning ta'kidlashicha, O'zbekiston Tamaddunlar ittifoqining ustuvor yo'nalishlari va faoliyatiga muhim e’tibor qaratib, "Do'stlar guruhi" ishida faol ishtirok etmoqda, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga, hamjamiyatlar o'rtasida do'stlik ko'priklarini qurishga hissa qo'shmoqda.

Migel Moratinos O’zbekistonni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini muvaffaqiyatli o'tkazgani bilan tabrikladi. "Samarqand yana diplomatiya, tinchlik va hamjihatlik poytaxtiga aylandi", dedi Yuqori vakil. Bu borada O'zbekistonning Sharq va G'arb o'rtasidagi do'stlikni mustahkamlashdagi tarixiy o’rni e’tirof etildi.

Tamaddunlar ittifoqi rahbari Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni olqishlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bag'rikenglik va insonparvarlikni rivojlantirish, millatlararo va dinlararo anglashuvni mustahkamlash borasidagi siyosatini to'la qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Tomonlar turli o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar.