BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi bilan muzokaralar toʻgʻrisida
2022-yilning 10-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana bilan onlayn shaklda muzokaralar oʻtkazdi.
A.Alisjabana Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, yangi hududlararo transport yoʻlaklarini yaratish, Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Respublika rahbariyatining Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qoʻshish borasidagi saʼy-harakatlari xalqaro hamjamiyatning yuksak bahosiga munosib ekani taʼkidlandi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi oʻrtasidagi hamkorlikning aniq yoʻnalishlari, komissiyaning boʻlajak xalqaro tadbirlarida yurtimiz vakillarining ishtiroki muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida BMT shafeligida Transport va kommunikatsiyalarning oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini yanada targʻib qilish va amaliy hayotga tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratildi.
A.Alisjabana joriy yilning sentabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqladi, Uning doirasida Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va SHHT oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.