BMTning doimiy koordinatori bilan uchrashuv to‘g‘risida

2022-yilning 25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori etib tayinlangan Roli Astxanani qabul qildi.

Vazir R.Astxanani ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabriklar ekan, O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan konstruktiv va ishonchli hamkorlik o‘rnatganini ta’kidladi. Yangi doimiy koordinatorning kasbiy yutuqlari va ish tajribasi ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirishiga umid qilinadi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashgani, amaliy mazmun bilan boyib borayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimiz Tashkilot faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. 2018-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Bosh Assambleyaning to‘rtta qarori tasdiqlandi.

Ayni paytda O‘zbekistonda BMT idoralari ishtirokida umumiy qiymati 174 million AQSh dollardan ortiq bo‘lgan 137 loyiha amalga oshirilmoqda.

Mintaqaviy xavfsizlik, Afgʻonistonni barqarorlashtirish va tiklash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga koʻmaklashish, ekologik muammolarni hal etish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.