BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotida o‘tkazilgan muzokaralar to‘g‘risida

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov boshchiligidagi delegatsiya Italiyaga tashrifi doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotida (FAO) muzokaralar o‘tkazdi.

Kun tartibida agrar sohada O‘zbekiston va FAO o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, bilim va innovatsiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va boshqa masalalarda hamkorlikni kengaytirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida FAO bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Bet Bekdol o‘tgan ikki yilda O‘zbekistonning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida raisligi davrida amalga oshirilgan samarali saʼy-harakatlarni yuqori qadrlashini maʼlum qildi.

Mamlakat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini ro‘yobga chiqarishda FAO tomonidan keng qirrali sheriklikka tayyor ekanligi bildirildi.

Kelgusida mintaqada Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va sohaga investitsiyalarni jalb qilish masalalarida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Shuningdek, tomonlar joriy yil iyun oyida FAO bosh qarorgohida o‘zbek madaniyati, anʼanalari va mehmondo‘stligini o‘zida yaqqol namoyon etadigan “Uzbekistan Lounge” milliy xonasining ochilish marosimini o‘tkazishga kelishildi.