BMT Bosh kotibining o'rinbosari bilan uchrashuv to'g'risida
2022-yil 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o'rinbosari, BMTning aksilterror boshqarmasi boshlig'i Vladimir Voronkov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Suhbat davomida tomonlar so'nggi yillarda O'zbekiston Respublikasining BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorligi amaliy mazmun bilan boyigani hamda sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.
Turli sohalarda, shu jumladan BMTning Markaziy Osiyoda global terrorizmga qarshi strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi va Ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha "Yo'l xaritasi" doirasida aloqalarni yanada mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligi ta'kidlandi.
V.Voronkov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni, respublikaning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi faol sa'y-harakatlarini yuqori baholadi. O'zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotidagi muvaffaqiyatli raisligi va yaqinda Samarqand shahrida bo'lib o'tgan Tashkilot Sammitining salmoqli natijalar bilan yakunlangani e’tirof etildi.
O'zbekistonning mintaqada va mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashi, bag'rikenglik, dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, yoshlar bo’yicha samarali siyosatini amalga oshirish, mojaroli hududlardan ayollar va bolalarni qaytarish va ularni jamiyatiga integratsiyalashuvini ta’minlashdagi yutuqlari qayd etildi.