BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv
2022-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kаmilov joriy yilning 3-4 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlik” yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari – BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimiz bilan Tashkilotning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda BMTning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha ixtisoslashgan tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda va bu boradagi asosiy universal huquqiy hujjatlarning ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 4 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘tgan yili O‘zbekiston ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha Kengashga a’zo bo‘ldi, unda mamlakatimiz vakili 2022-yilga rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lganining 30 yilligi (1992-yil 2-mart) munosabati bilan o‘zaro tabriklar almashdilar.