Belgiya tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 6-sentabr kuni Bryusselga tashrif doirasida tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Belgiya tashqi ishlar, Yevropa ishlari, tashqi savdo va federal madaniyat muassasalari vaziri Haja Lahbib bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muzokaralarda O'zbekiston va Belgiya o'rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar o’sib borayotgani mamnuniyat ila qayd etildi.
Ikki tomonlama muloqotni jadallashtirish, jumladan, turli darajadagi tashriflarni tashkil etish, tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida maslahatlashuvlarni o’tkazish, xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo'llab-quvvatlashning muhimligi qayd etildi.
Tomonlar 2021-yil noyabr oyida Valloniya eksport va xorijiy investitsiyalar agentligi (AWEX) va Flamandiya investitsiya va savdo agentligi (FIT) tomonidan tashkil etilgan Belgiya ishbilarmon doiralarining O'zbekistonga biznes-missiyasi samarali natijalarga olib kelganini olqishladilar. Shu bilan birga, savdo va investitsiyalar sohasida foydalanilmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.
O'zbekiston va Belgiya barcha yo'nalishlarda aloqalarni jadallashtirishga tayyorligi bildirildi. Joriy yil oxirida Toshkentda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o’tkazish masalasini ishlab chiqish yuzasidan kelishib olindi.
Belgiya tashqi ishlar vazirligi rahbariga O'zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o'zgarishlarning mazmun-mohiyati to'g'risida axborot taqdim etildi. Konstitutsiyaviy islohotlar jamoatchilik fikri va takliflarini, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini, shuningdek, xorijiy ekspertlarning baholarini hisobga olgan holda ochiq, shaffof va erkin jamoatchilik muhokamasi sharoitida amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.