AQShning Maxsus topshiriqlar bo'yicha elchisi bilan uchrashuv to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo'shma Shtatlarining Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlari bo'yicha elchisi Rashad Husayn bilan uchrashuv o'tkazdi.

Amerika tomoniga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan o'zgarishlar, jumladan, fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’limotlar berildi. Diniy erkinlikni ta'minlash, fuqarolar uchun diniy rasm-rusmlarni ado etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish Yangi O'zbekiston Taraqqiyot rivojlantirish strategiyasining muhim qismi ekani ta'kidlandi.

R.Husayn O'zbekistonda fuqarolarning din sohasidagi huquq va manfaatlarini ta'minlash, bu boradagi milliy qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyotini takomillashtirish, mamlakatda dinlararo o'zaro anglashuv muhitini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan diniy tashkilotlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalarini olqishladi.

Amerika tomoni, shuningdek, diniy rasm-rusmlarni ado etish va dindorlarning o'z e'tiqodlarini ifoda etishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish radikal qarshi kurashga yordam berishini ta'kidladi. R.Husayn ushbu sohadagi islohotlar, shu jumladan, qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlar davom etishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar diniy erkinlikni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muntazam ravishda amaliy muloqot olib borishga kelishib oldilar.