AQSh Mudofaa vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vaziri o‘rinbosari Kolin Kal bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSh harbiy va harbiy-texnik hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat chogʻida AQSH Mudofaa vaziri oʻrinbosari joriy yilda nishonlangan ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi muhim sanalar, xususan, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi, strategik sheriklik munosabatlarining 20 yilligi va Missisipi shtati bilan hamkorlik dasturining 10 yilligi bilan tabrikladi.

Bundan tashqari, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarogʻ va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni faollashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

AQSh tomoni Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, sheriklik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va AQShning Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikdan o‘zaro manfaatdorligi qayd etildi.

Maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalarini tayyorlash, qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy ta’lim sohasida hamkorlikni davom ettirish, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi va AQSh Mudofaa vazirligining yetakchi harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.