AQSh Kongressi xodimlari bilan uchrashuv to‘g‘risida

2022-yil 12-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev «UN Foundation» dasturi doirasida mamlakatimizga kelgan AQSh Senati va Vakillar palatasi ijroiya idoralarining yetakchi xodimlari, shuningdek, Kongressning muhim tegishli qo‘mitalar mas’ul vakillari bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining tomonlarni qiziqtirgan sohalar bo‘yicha dolzarb masalalari muhokama qilindi. 2018-yilda Kongressda “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” tuzilishi natijasida ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish ortgani va bu parlamentlararo aloqalarning ijobiy sur’atda rivojlanayotganidan darak berishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Afg‘onistonda gumanitar inqirozning oldini olish, shuningdek, ushbu mamlakatning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi bo‘yicha O‘zbekiston pozitsiyasi va qarashlari Amerika tomoni e’tiboriga yetkazildi.

Kongress xodimlari O‘zbekiston tomonidan afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadilar.

Uchrashuvda BMTning Toshkentdagi doimiy koordinatori v.b. Munir Mamedzade va «UN Foundation» jamg‘armasi vitse-prezidenti Piter Yeo ishtirok etdi.