AQSh Elchisi bilan uchrashuv
2022-yil 29-noyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Furqat Sidikov Amerika Qo'shma Shtatlarining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennikni qabul qildi.
O'zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarinining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko'rib chiqildi.
Tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.
Rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan, O'zbekiston va AQSh Strategik sheriklik muloqotining navbatdagi yig'ilishi bilan bog’liq tashkiliy va mazmunli jihatlar muhokama qilindi.
Savdo, investitsiya, innovatsiya, qishloq xo'jaligi, energetika va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash bo'yicha takliflar ko'rib chiqildi.
Elchi AQSh ma'muriyatining O'zbekistonga moliyaviy-texnik ko’mak berish va pandemiyaga qarshi kurashda har tomonlama yordam ko'rsatishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalariga, xususan, "C5+1" muloqot formati doirasidagi aloqalarga alohida e'tibor qaratildi.
Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. O'zbekistonning afg'on xalqiga ko'maklashish va qo'shni mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa'y-harakatlari yuksak baholandi.
Uchrashuvda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O'zbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etdi.