“All Nippon Airlines” kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Tokio shahrida “All Nippon Airlines” kompaniyasi prezidenti Shinʼichi Inoue bilan uchrashdi.
Muloqotda turizm va aviatsiya sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Yaponiya tomoni mamlakatimizda turizmni faol rivojlantirish, xorijlik sayyohlar uchun shart-sharoit yaratish, turizm infratuzilmasini koʻpaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalarini ijobiy baholadi.
Yaponiyadan Oʻzbekistonga sayyohlar oqimini koʻpaytirish, jumladan, fuqaro aviatsiyasini barcha yoʻnalishlarda rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligi taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan Samarqand, Buxoro, Urganch va Oʻzbekistonning boshqa tarixiy shaharlariga “All Nippon Airlines” aviaqatnovlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.