“Al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi bilan uchrashuv to‘g‘risida
2022-yil 26-may kuni Qohira shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Misrning “al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Nazir Muhammad Nazir bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Misr xalqlarini asrlar davomida mushtarak an’ana va urf-odatlar, savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar aloqalar hamda muqaddas Islom dinimiz qadriyatlari bog‘lab keladi. Ming yillar davomida Samarqand, Buxoro va Xivadagi madrasalar kabi, Misrning qadimiy “al-Azhar” diniy ta’lim dargohi Sharq va G’arb xalqlari uchun yetakchi ziyo maskanlari hisoblangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va “al-Azhar” o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Hamkorlik uchun “al-Azhar” majmuasi rahbari, Bosh imom shayx Ahmad at-Tayyibning 2018-yil oktabr va 2020-yil mart oylarida O‘zbekistonga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz diniy-ma’rifiy muassasalari o‘rtasida ilm-fan, ta’lim va din sohalaridagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
“Al-Azhar”ning Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida qator jabhalarda, xususan, diniy va dunyoviy ta’lim hamda ilm-fan rivojiga yo‘naltirilgan islohotlarni yuqori baholadi. O‘tgan qisqa vaqt ichida ushbu yo‘nalishlarda erishilgan muhim natijalar va ko‘zlangan istiqbolli rejalar Misr tomonida katta kiziqish uyg‘otmoqda.
Uchrashuv chog‘ida millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, jaholatga qarshi ma’rifat tamoyillari hamda Islom dinining mehr-oqibat, mo‘‘tadillik, tinchlik, insonparvarlik, do‘stlikni tarannum etuvchi pok risolasini xalqaro maydonda targ‘ib etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
«Al-Azhar» majmuasi bilan diniy-ma’rifiy va ilmiy tadqiqot, diniy soha vakillarining malakasini oshirish yo‘nalishlarida kelishuvlarga erishildi.