Afg'oniston iqtisodiyotini tiklash xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor vazifasi bo'lishi kerak
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqida qo'shni Afg'onistondagi vaziyatga e'tibor qaratdi.
Xususan, Markaziy Osiyoning rivojlanish istiqbollari Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash bilan uzviy bog'liqligini ta'kidladi.
“Biz chuqur gumanitar inqirozni boshdan kechirayotgan ushbu mamlakatga xalqaro e'tiborning pasayishidan xavotirdamiz, - dedi V.Norov. - Afg'onistonning mavjud muammolar qurshovida yakkalanib qolishiga yo’l qo’ymaslik nihoyatda muhimdir. Bu, shubhasiz, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin”.
Qayd etilganidek, joriy yil iyul oyida Afg’oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi ishtirokida Toshkentda bo'lib o'tgan Afg'oniston bo'yicha xalqaro konferensiya jahon hamjamiyatining ushbu mamlakatga nisbatan izchil yondashuvlarni ishlab chiqishdan manfaatdorligini ko'rsatdi.
Vazirning so'zlariga ko'ra, Afg'oniston iqtisodiyotini tiklash, uning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga qo'shilishi, infratuzilma va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish xalqaro hamjamiyatning umumiy ustuvor yo'nalishi bo'lishi kerak. Ushbu muammolarni hal qilish uchun BMT, xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning ko'magi zarur.
O'zbekiston Afg'onistonga ko'maklashish bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlarga o'z hissasini qo'shmoqda. Chegaradosh Termiz shahrida Xalqaro transport-logistika xabi tashkil etilib, BMT tuzilmalari tomonidan Afg’onistonga gumanitar yordam ko'rsatishda uning imkoniyatlaridan keng foydalanmoqdalar.
Termiz shahrida Afg'onistonni gumanitar qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus jamg'armani tashkil etish bo'yicha taklif bildirildi. Jamg’arma mablag'lari ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta'lim dasturlari va sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo'naltirilishi ko’zda tutilmoqda.
V.Norov O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan joriy yil iyul oyida qabul qilingan "Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash to'g'risida"gi rezolyutsiyasiga e'tibor qaratdi. Mazkur hujjatda Afg'onistonni iqtisodiy hamkorlikka jalb qilish, uni ikki mintaqani bog'laydigan ko'prikka aylantirish ustuvor o'rin tutadi.
Mazkur g'oyalarning hayotga tadbiq etilishi uchun "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar" temir yo'lini qurish kabi transmintaqaviy infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi lozimdir.
- Afg'onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb etish muammolarini hal etishga O'zbekiston tomonidan BMT ko'magida Toshkent shahrida O'zaro bog'liqlik bo'yicha mintaqalararo markaz tashkil etilishi ham ko’maklashadi, - dedi O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri.