Afg'oniston bo'yicha bo'lajak xalqaro konferensiya haqida

2022-yil 25-26 - iyul kunlari Toshkent shahrida 20 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirokida Afg'oniston bo'yicha xalqaro konferensiya bo'lib o'tadi.

Tadbirning asosiy maqsadi Afg'onistonda barqarorlik, xavfsizlik, urushdan keyingi tiklanishga ko’maklashish, ko'p millatli afg'on xalqi va butun dunyo manfaatlari yo'lida ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga integratsiyalashuvi masalalari bo'yicha jahon hamjamiyatining yondashuvlariga doir kompleks chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqishdan iboratdir.

Mazkur anjuman 2018-yil 27-mart kuni o’tkazilgan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi hamda 2021-yil 15-16 – iyul kunlari bo’lib o’tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasining mantiqiy davomi bo’ladi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2022-yil 1-iyuldan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyani yoritish uchun milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishni boshlaydi.

Toshkent konferensiyasida ishtirok etish istagida bo‘lgan ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki press@mfa.uz elektron pochtasi orqali O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

1) manfaatdor OAV  rahbariyatining muxbir(lar)ini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaat xati;

2) OAV haqida ma’lumot;

3) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning tarjimayi holi  va pasporti nusxasi;

4) akkreditatsiya qilinadigan shaxsning 700x700 dpi formatida fotosurati (yuqori aniqlikda, qat’iy to‘g‘riga qaragan holda, oq fonda);

5) to'ldirilgan savolnoma.

Hujjatlar 2022-yil 15-iyul soat 18:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan) qabul qilinadi.