2022-yil 10-noyabrda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi yakunlari boʻyicha axborot

2022-yilning 10-noyabr kuni Samarqand shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, TDT Bosh kotibi hamda TDT tuzilmalari – TURKSOY, TurkPA, Xalqaro turkiy akademiya, Xalqaro turkiy madaniyat va merosi fondi rahbarlari ishtirok etdilar.

Vazirlar doʻstona va konstruktiv ruhda Tashkilot doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Turkiya tomonining o‘tgan yilda Tashkilotdagi raisligi samarali va muvaffaqiyatli bo‘lgani qayd etildi.

Ishtirokchilar 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlikka birgalikda" mavzusida boʻlib oʻtadigan TDT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi kun tartibi va ko‘rib chiqish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqib, kelishib oldilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri ishtirokchilarni 2021-yilda Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga o‘zgartirilgandan keyingi birinchi sammit bo‘ladigan davlat rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi.

Davlat rahbarlarining bo‘lajak uchrashuvi turkiy davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning yangi ufqlari va istiqbollarini ochishga xizmat qiladi. “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026 yillarga moʻljallangan TDT strategiyasining qabul qilinishi ushbu tadbirning muhim voqeasi boʻladi. Hujjatning amalda tatbiq etilishi TDT mamlakatlari oʻrtasida turli sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

Uchrashuvda tashqi ishlar vazirlari jahonda ro‘y berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zaruriyatini taqozo etishini ta’kidladilar. Ishtirokchilar bugungi kunning tobora kuchayib borayotgan tahdidlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Vazirlar o‘z nutqida ochiqlilik, tenglik va oʻzaro hurmat tamoyillariga, shuningdek, TDT doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishning mutloq tarafdori ekanliklarini ta’kidladilar. Ular TDT makonida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri Afg‘onistondagi vaziyatni tez fursatlarda tartibga solish haqidagi pozitsiyani yana bir bor tasdiqladilar.

Vazirlar TDT Bosh kotibi va tashkilotga qarashli xalqaro tuzilmalar rahbarlarining o‘tgan yildagi ma’lumotlarini tingladilar.

Tadbir doirasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yig‘ilishda TDTning joriy faoliyatining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Tadbir yakunida TDTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yilda Qozogʻistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.