YXHTning transmilliy tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha koordinatori bilan muzokaralar olib borish to‘g‘risida

2021-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev YXHTning transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha koordinatori Alena Kupchina bilan videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning YXHT bilan Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. 

A.Kupchina O‘zbekiston Rahbariyatining Afg‘onistondagi vaziyat, shu jumladan, mamlakatdagi gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun tezkor choralar ko‘rish zarurligi yuzasidan pozitsiyasi va yondoshuvlariga yuksak baho berdi.

Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat oqibatlari bo‘yicha ishlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlardan iborat YXHT dasturi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ushbu chora-tadbirlar: chegaradagi xavf-xatarlarni kamaytirish, hamjamiyatlardagi zaifliklarni bartaraf etish va barqarorligini oshirish, mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash uchun imkoniyatlardan foydalanish singari yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

YXHT koordinatori 2021-yil 2-dekabr kuni Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tadigan Tashkilotga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi arafasida mazkur uchrashuvninig o‘tkazilgani muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.